http://www.joomla3x.ru/joomla3-templates.html - joomla 3 шаблоны

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2021-yil 23-iyul kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Hay’atining kengaytirilgan majlisi o‘tkazildi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Vazirlikning markaziy apparati, tizimdagi korxona va tashkilotlar va ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqi

Hurmatli rais Najot Shamim Xon xonimlari!

Hurmatli Oliy komissar Mishel Bachelet xonimlari!

Xonimlar va janoblar!

Bugun O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi sifatida ushbu uchrashuvda birinchi marta ishtirok etmoqda.

Biz so‘nggi yillar davomida Kengashga a’zo bo‘lish uchun butun mas’uliyatni anglagan holda intilib kelganimizni ta’kidlamoqchiman.

Demokratik islohotlarimiz yangi O‘zbekistonni bunyod etishga qaratilgan bo‘lib, bu o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi.

Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini ilgari surish uchun Kengash a’zolari, barcha sheriklarimiz bilan yaqin hamkorlikni davom ettiramiz.


Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

O‘zbekistonda demokratik o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish va Kengash doirasidagi faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat.

Birinchidan, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash O‘zbekistondagi islohotlarda eng muhim o‘rinda turadi.

2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda har bir insonning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zda tutadigan “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshiriladi.

Bu o‘rinda so‘z Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi ekspertlarining faol ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish to‘g‘risida bormoqda.

Ikkinchidan, biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat’iy davom ettiramiz.

Joriy yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti va xotin-qizlarning mintaqaviy biznes-forumini o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz.

Uchinchidan, alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratiladi.

Yaqinda Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kirdi. O‘zbekiston Parlamenti Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilishi kutilmoqda.

Biz imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzishni taklif etamiz.

To‘rtinchidan, aholimizning yarmidan ko‘pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda.

Joriy yil O‘zbekistonda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e’lon qilindi.

Bu borada biz:

- Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasini o‘tkazish;

- BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o‘ninchi forumida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini taqdim etish;

shuningdek, Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi institutini ta’sis etish masalasini kiritishga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.

Beshinchidan, biz Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdik. Bu islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri bo‘ldi.

2021-yilda, ya’ni Bolalar mehnatiga barham berish xalqaro yilida Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi qonunni qabul qilamiz.

Oltinchidan, “Inson huquqlari sohasida ta’lim” deklaratsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab biz Oliy komissar boshqarmasi bilan birgalikda global forum o‘tkazishni taklif etamiz.

O‘qitish tizimini rivojlantirish maqsadida BMTning inson huquqlari sohasidagi Ixtiyoriy badallar jamg‘armasiga o‘z hissamizni qo‘shmoqchimiz.

Yettinchidan, Bosh kotib Antoniu Guterrish Janobi Oliylarining fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida 50 ming nafar vatandoshimiz O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi, bu yil yana 20 mingdan ziyod kishi fuqarolikka ega bo‘ladi.

Xonimlar va janoblar!

Biz erishgan natijalarimiz bilan kifoyalanib qolmasdan, bundan buyon ham fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonda so‘z erkinligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni qat’iy maqsad qilganmiz.

Shu asnoda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida kodekslar ishlab chiqilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining din yoki e’tiqod erkinligi, sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachilarining tavsiyalarini alohida e’tiborga olganmiz.

Inson huquqlari bo‘yicha kengashga Sudyalar kengashlari faoliyatining universal prinsiplarini ishlab chiqish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmni joriy etish doirasida biz odamning qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga bundan buyon ham mutlaqo yo‘l qo‘ymaymiz. Bunday jinoyatlar qachon sodir etilganidan qat’i nazar, ular uchun jazo muqarrardir.

Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilamiz.

Mazkur masalalar yuzasidan hamkorlikda ishlash maqsadida Qiynoqlar masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachini O‘zbekistonga taklif etishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!

O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiq qoladi.

Shu bilan birga, biz inson huquqlari borasida hali ulkan yo‘lning boshida turganimizni yaxshi tushunamiz va xalqaro hamkorlarimizning qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz. Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Mishel Bachelet xonimlarining yurtimizga tashrifini kutib qolamiz.

Bu borada mandatga ega bo‘lgan barcha vakillarning O‘zbekistonga tashrif buyurishlari uchun doimiy taklifnoma yuborish haqida qarorni qabul qilamiz.

Shuningdek, Osiyo qit’asining inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy mexanizmini muntazam faoliyat ko‘rsatadigan platforma – Samarqand forumi negizida yaratish borasida ko‘mak berishga tayyormiz.

Hurmatli do‘stlar!

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yillik tarixi inson huquqlari universal qadriyat ekanini yaqqol isbotladi. Bu ustuvor tamoyilsiz yer yuzida tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.

Nutqimning yakunida shuni yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman: O‘zbekiston Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e’tirof etilgan prinsip va normalarini qat’iy himoya qiladi va faol ilgari suradi.

E’tiboringiz uchun rahmat.

«Made in Uzbekistan» ko‘rgazmasida AKT vazirligi ekspozitsiyalari namoyish etilmoqda.

9b1fac9f-9b51-9d11-cac0-29e97ebf46b8

Joriy yilning 23-25 oktabr kunlari “O‘zekspomarkaz” MKM AJ ko‘rgazmalar majmuasida xalqaro «Made in Uzbekistan» milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

Ushbu ko‘rgazmada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Q. Yuldashev ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 3-pavilonda katta hajmdagi stendi bilan ishtirok etmoqda.  Unda “O‘zbektelekom” AK, “UNICON.UZ” DUK, “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK va “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki Direksiyasi” MChJlarning ekspozitsiyalari namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazmada “O‘zbektelekom” AK o‘zining ishlab chiqarish korxonalari bo‘lgan - «Telecom Devices Pro» MChJ va «Telecom Innovations» MChJ QK mahsulotlarini taqdim etmoqda.

«Telecom Devices Pro» MChJ 2012 yilda “Navoiy” erkin iqtisodiy hududida tashkil etilgan. Korxonaning asosiy faoliyati CDMA-450 standartidagi mobil va statsionar telefonlar, planshet kompyuterlar ishlab chiqarishdan iborat. «Telecom Devices Pro» MChJ Markaziy Osiyoda CDMA-450 qurilmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yagona korxona hisoblanadi.

“Navoiy” erkin iqtisodiy hududida joylashgan «Telecom Innovations» QK ADSL modemlar, DSLAM uskunalar, optik konsentratorlar, raqamli televideniye «set-top-box» priyomniklari va abonentlar hamda “O‘zbektelekom” AK ATSlari uchun boshqa operator va abonent uskunalarini ishlab chiqaradi.

«Made in Uzbekistan» ko‘rgazmasini tashkil etishdan maqsad, mahalliy korxonalarning eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarini namoyish etish, xorijiy hamkorlar bilan barqaror va uzoq muddatli hamkorlikni o‘rnatish, shu bilan birga 2020 yil uchun barqaror eksport shartnomalari portfelini shakllantirishdan iborat.

Manba: mitc.uz

“O‘zbektelekom” AK Respublikamiz hududlarida keng polosali ulanishni rivojlantirish haqida ma’lumot berdi

3e7d4ffd-b6c3-91f3-c5b1-8d312876d7c8

18-oktabr kuni O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida “O‘zbektelekom” aksionerlik kompaniyasi butun O‘zbekiston bo‘ylab Internet tarmog‘iga keng polosali ulanishni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazdi.

Brifing davomida kompaniya mutaxassislari tomonidan mamlakatimizda yuqori tezlikda keng polosali ulanishni rivojlantirishga qaratilgan taqdimot namoyish qilindi. Taqdimotda yil davomida mazkur yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar, shuningdek 2020 yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar bayon etildi.

Brifing ishtirokchilarini “O‘zbektelekom” AK sotuvlar va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish boshqarma boshlig‘i Valixon Usmanov quyidagilarni bayon etdi: “Bugungi kunda kompaniyamiz aloqaning mis liniyalaridan optik liniyalariga o‘tkazish bo‘yicha faol tarzda ishlarni amalga oshirmoqda. Bu yil ilk marotaba aholi uchun 100 Mbit/s gacha tezlikdagi cheksiz Internet tarif rejalari ishga tushirildi.

Kompaniya tomonidan keng polosali ulanishni rivojlantirishga qaratilgan juda muhim qadam tashlandi. 2019-yilning boshidan buyon “O‘zbektelekom” AK tomonidan aholi va ijtimoiy ob’ektlar uchun GPON texnologiyasidan foydalangan holda zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun 10 mingdan ortiq optik tolali aloqa liniyalari yotqizildi.

Natijalar yaqqol sezilmoqda. Misol uchun, Speedtest Global Indexning 2019-yil iyul oyidagi reytingiga muvofiq, mamlakatimizda simli Internetning o‘rtacha tezligi 2018-yil iyul oyida 8,75 Mbit/s dan 2019-yil iyul oyida 19,91 Mbit/s gacha (Download/Yuklab olish) ko‘tarildi. Mamlakatimiz uchun keng polosali ulanish bo‘yicha o‘rtacha tezlikka erishish uchun ko‘plab ishlarni amalga oshirishimiz lozimligini tushunamiz”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-fevraldagi “Obod qishloq” dasturini 2019-yilda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, “O‘zbektelekom” AK O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlangan aholi punktlarining telekommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha Harakatlar Rejasini bajarishda faol ishtirok etmoqda.

“O‘zbektelekom” AK tomonidan O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 478 ta qishloq punktlari, mahallalar va qishloqlarning telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha barcha ishlar olib borilmoqda.

Ayni vaqtda, yil boshidan buyon “O‘zbektelekom” AK tomonidan mamlakat bo‘ylab 10 000 km dan ziyod optik tolali aloqa liniyalari yotqizildi. Faqatgina yilning birinchi yarmida ushbu dastur doirasida 1200 dan ortiq maxsus aloqa ustunlari o‘rnatildi, shuningdek telekommunikatsiya infratuzilmasi uskunalari to‘liq yangilandi.

Abonentlarga qulaylik yaratish va aholini Internet tarmog‘iga keng polosali ulanish xizmatlariga ulanishini osonlashtirish uchun “O‘zbektelekom” AK abonent uskunalarini bepul taqdim etish, shuningdek optik aloqa liniyalariga yangi ulanishda 100 metrgacha bepul kabellarni taqdim etish bo‘yicha maxsus aksiyalarni o‘tkazmoqda. Bu qishloq aholisini uchun telekommunikatsiya xizmatlariga ulanishning yangi texnologiyalariga o‘tishni sezilarli darajada osonlashtiradi. Brifingda kompaniyaning bugungi kunda amalga oshirayotgan yirik loyihalari haqida ham so‘z yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-sentabrdagi 805-son qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitasining yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra quyidagi loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan: “O‘zbektelekom” AK telekommunikatsiya tarmoqlarida keng polosali ulanish tarmog‘ini rivojlantirish”, “Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini kengaytirish”, “Sharqiy hududlarda “O‘zbektelekom” AK “UZMOBILE” milliy uyali aloqa operatorining keng polosali ulanish tarmog‘ini modernizatsiya qilish”, “Ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlarini tashkil etish”, “DWDM transport tarmog‘ini kengaytirish”, “O‘zbektelekom” AK “O‘zMobayl” filialining mobil aloqa qamrovi oshgan sari uskunalarga litsenziya resurslarini kengaytirish”.

Xususan, “O‘zbektelekom” AK telekommunikatsiya tarmoqlarida keng polosali ulanish tarmog‘ini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish quyidagi vazifalarni hal qilishga qaratilgan:

O‘zbekiston Respublikasi hududlarida keng polosali ulanish tarmog‘ini kengaytirish;

NGN texnologiyasi bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan telekommunikatsiya tarmog‘ining foydalanuvchilar bazasi qismini kengaytirish;

Optika bo‘yicha (optik kabellarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri abonent uyiga kiritish) ko‘plab foydalanuvchilarga Triple Play xizmatlarini taqdim etish imkoniyatiga ega ITU-T G.984 standartining GPON (Gigabit –capable Passive Optical Network) texnologiyasi bo‘yicha FTTx keng polosali ulanish optik tarmoqlarini qurish;

Keng polosali xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish;

Taqdim etilayotgan telekommunikatsiya xizmatlari sifati va hajmini oshirish.

Ushbu loyihani amalga oshirish ta’lim muassasalarini “Elektron ta’lim” tizimiga ulash va barcha turdagi foydalanuvchilar uchun Internet tarmog‘ining elektron manbalariga (ta’lim, kutubxona, tibbiyot), elektron tijorat, elektron hujjat aylanish va boshqa manbalarga ulanishni ta’minlaydi;

Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida 600 mingdan ziyod yangi abonent portlari o‘rnatiladi.

Xususan, “NGN texnologiyasi bo‘yicha kommutatsiya uskunalirini kengaytirish” loyihasini amalga oshirish foydalanuvchilarga yuqori tezlikdagi Internetni belgilangan sifat darajalari bilan ta’minlashni, multimedia trafikni zamonaviy darajaga kommutatsiya qilish, tarmoqqa boshqa tashkilotlarni (operatorlarni) ulash va ularga keng doiradagi xizmatlarni taqdim etishni, shahar va shaharlararo trafikni kommutatsiya qilish, yo‘naltirish va tariflashni ta’minlashi lozim.

Loyihani amalga oshirish natijasida 420 mingdan ortiq yangi abonent portlari o‘rnatiladi. 2020 yil yakuniga qadar barcha loyihalar bo‘yicha tizimlarni o‘rnatish va ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Brifing yakunida 2020 yilda “O‘zbektelekom” AK jismoniy shaxslarga 1 Gbit/s gacha tezlikdagi tarif rejalarini taqdim eta olishi mumkinligi ta’kidlab o‘tildi.

Sentabr oyining yakunida ICTEXPO 2019 ko‘rgazmasida kompaniya stendida barchaga qayd etilgan liniyalar bo‘yicha gigabayt keng polosali ulanish imkoniyatlari namoyish etilgan edi.

Manba: mitc.uz

Страница 1 из 3